Akademiya Times Higher Education Interdisciplinary Science Rankings (ISR) 2025 xalqaro reytingiga «Reporter» maqomi bilan kirdi. Ushbu e’tirof Akademiya yutuqlarini va fanlararo ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishdagi hissasini ko‘rsatadi.
Mazkur reyting universitetlarning fanlararo ilmiy tadqiqotlarga qo‘shgan hissasini baholash uchun maxsus ishlab chiqilgan dunyodagi ilk reyting hisoblanadi. Bu yilgi reyting 92 davlatdan 749 ta universitetni qamrab olgan bo‘lib, bu yangi loyiha uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Baholash 11 ta aniq tanlangan indikatorlarga asoslanib, ular ilmiy loyihalarning uchta asosiy bosqichini aks ettiradi: kirish resurslari (moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash), jarayonlar (ma’muriy infratuzilma va hamkorlik) va natijalar (nashrlar, tadqiqotlar sifati va akademik nufuz).
Akademiyaning bu reytingga kiritilishi uning innovatsiyalarga sodiqligi, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga intilishi va turli fanlarni birlashtirish uchun platforma yaratishini ko‘rsatadi.
«Reporter» maqomi Akademiyaning xalqaro akademik maydondagi o‘rnini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Ushbu yutuq ilmiy tadqiqotlarning sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va fanlararo yondashuvlarni shakllantirish uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi, bu esa huquqni muhofaza qilish faoliyatini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.