Moliyaviy monitoring xalqaro o‘quv-uslubiy markazi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Moliyaviy monitoring xalqaro o‘quv-uslubiy markazi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

 

Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhining 41-yalpi haftasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyatining Moliyaviy monitoring xalqaro o‘quv-uslubiy markazi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida tomonlar jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qildilar.

Xususan, talabalarni moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan xalqaro olimpiadada ishtirok etishga tayyorlashda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish xalqaro tarmoq instituti tarkibiga kiruvchi oliy o‘quv yurtlari trener-o‘qituvchilarining o‘rni qayd etildi.

Shuningdek, Moliyaviy monitoring xalqaro o‘quv-uslubiy markazi Bosh direktori I.A.Uvarov Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenkoni Akademiya tashkil etilganining ikki yilligi bilan tabriklab, O‘zbekiston tomoniga “Osobennosti natsionalnix sistem POD/FT gosudarstv Yevraziyskogo regiona. Respublika Uzbekistan” o‘quv qo‘llanmasini taqdim etdi.

Qo‘llanma O‘zbekiston ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, moliyaviy razvedka xodimlari hamda Moliyaviy monitoring xalqaro o‘quv-uslubiy markazi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida ishlab chiqilgan va nashr etilgan.

Tomonlar ushbu yo‘nalish bo‘yicha turli o‘quv qo‘llanmalari va darsliklarini ishlab chiqishning jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida kadrlar salohiyatini oshirishdagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdilar.