Barqaror rivojlanish sohasida Akademiya tashabbuslari va natijalar

Barqaror rivojlanish sohasida Akademiya tashabbuslari va natijalar


Akademiyani dunyoning eng nufuzli “TOP-1000” oliy ta’lim muassasalari reytingiga kiritish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi amalga oshirib kelinmoqda.

Mazkur dasturga muvofiq Akademiyaning faoliyati va ichki hujjatlari xalqaro reyting talablariga muvofiqlashtirildi. Akademiyaning Umumiy siyosati va Barqaror rivojlanish siyosatiga oid hujjatlar ishlab chiqildi. Mazkur hujjatlar o‘z ichiga 20 dan ortiq yo‘nalishda (ta’lim va tadqiqot, akademik halollik va erkinlik, hisobdorlik, mas’uliyatli iste’mol, energiya va resurslardan samarali foydalanish, “yashil” xaridlar va h.k.) Akademiyaning asosiy siyosati va tamoyillarini belgilaydi.

Joriy yilda Akademiyaning Barqaror rivojlanish bo‘yicha ilk hisoboti chop etildi hamda Barqaror rivojlanishga oid Akademiyaning veb-sahifasi yaratildi. Mazkur hisobotda Akademiya tomonidan Barqaror rivojlanishning 16 ta maqsadlari bo‘yicha amalga oshirib kelinayotgan shaffoflik va hisobdorlikka asoslangan ishlar hamda samarali boshqaruvga qaratilgan tashabbuslar o‘z aksini topgan. Hisobotda Akademiyaning Barqaror rivojlanish maqsadlarini o‘quv dasturlari, ilmiy-tadqiqot va tashkilot faoliyatiga tatbiq qilishga bo‘lgan qat’iy intilishlari aks ettirilgan.

Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga oid alohida elektiv o‘quv kurslari ishlab chiqilib, ushbu maqsadlar ta’lim jarayoniga tatbiq etib kelinmoqda. Akademiya xalqaro nufuzli reyting agentliklari ekspertlari ishtirokida reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha tashkil etilgan master-klass va seminar-treninglarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.

2024 yilda Akademiya ilk bor Times Higher Education World University Rankings 2025 (dunyo universitetlari reytingi) hamda Interdisciplinary Science Rankings 2025 (fanlararo ilmiy tadqiqotlar) reytingiga "reportyor" maqomi bilan kirdi. Mazkur e’tirof Akademiyaning huquqni muhofaza qilish sohasidagi ta’lim va tadqiqotlarni rivojlantirishga, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or akademik muhitni yaratishga bo‘lgan intilishlarini tasdiqlaydi.

Mazkur yo‘nalishda ishlar davom ettirilayotgan bo‘lib, yaqin istiqbolda Akademiyaning nufuzli xalqaro reytinglarga kirishi belgilangan.