Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ochiq eshiklar kuni

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ochiq eshiklar kuni


Bugungi kunda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi prokuratura hamda surishtiruv va tergov faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega davlat organlari uchun malakali kadrlar tayyorlashga mas’ul yagona ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Ya’ni, kelgusida prokuratura va tergov sohalarida ishlash maqsadida yurgan yoshlar bunday imkoniyatga faqatgina Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tahsil olib erishishlari mumkin.

Akademiyada tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha to‘laqonli o‘quv jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda 400 nafardan ortiq talaba “Tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tahsil olmoqda.

Akademiya o‘z faoliyatini ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslanib amalga oshirib keladi, muntazam ravishda jamoatchilik uchun turli tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etilmoqda. 12 dekabr kuni ham Toshkent shahridagi ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi akademik litseylar, yuridik texnikumlar hamda harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun Akademiyaning “Tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha navbatdagi Ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Akademiya bakalavriatiga qabul va o‘quv jarayonini tashkil etishning o‘ziga xosligi va afzalliklari bilan yaqindan tanishdilar.

Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.

Muhimi, Akademiya bitiruvchilari vakolatli davlat organlariga xizmatga qabul qilinganda faqat ofitserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi ko‘zda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi.

Akademiya bakalavriatiga qabulni va ta’lim jarayonlarini tashkil etish tartibi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida mehmonlar uchun ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya davomida mehmonlar kriminalistika xonasi, sud imitatsiyasi xonasi, ekspertiza laboratoriyasi va boshqa amaliy hamda vaziyatli mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun maxsus jihozlangan xonalarni ko‘zdan kechirdilar.

Respublikamizda birinchi bo‘lib tashkil etilgan Akademiya DarkWeb kiberlaboratoriyasi, tergov jarayonlarida poligraf (detektor) texnologiyalarini qo‘llash imkoniyatlari imkoniyatlari yoshlarda ayniqsa katta qiziqish uyg‘otdi.

Ishtirokchilar Akademiya bakalavriatiga qabulni va ta’lim jarayonlarini tashkil etish tartibiga oid savollariga atroflicha javoblar olishdi.

Akademiyada ochiq eshiklar kuni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib bo‘ldi, bunday tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinadi.

Akademiya matbuot xizmati

Tel.: 71-202-04-96 (1737)