Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakili bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish yuzasidan ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsman rahbarligidagi idoralararo ishchi guruhi tarkibida Finlyandiyaning Xelsinki shahrida xizmat safarida bo‘lib qaytdi.
Xizmat safari davomida Finlyandiya davlatida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyatlarini, shu jumladan jinsiy zo‘ravonlikning oldini olish, fosh etish, tergov harakatlarini o‘tkazishning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish bilan birga, bolalarning o‘zlari turli ijtimoiy xavfli vaziyatga tushib qolganda yoxud turli huquqbuzarliklarni sodir etganda ularga kompleks tarzda ko‘mak berish borasidagi chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Finlyandiya Yevropa davlatlari orasida bolalar uchun eng farovon mamlakatlar qatorida Daniyadan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallagan.
Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasida muhim omil sifatida hukumat va nodavlat tashkilotlarining hamkorlikdagi tizimli faoliyati Finlyandiyada bu yo‘nalishda ijobiy natijalarga erishishda muhim o‘rin egallagan.