Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tadbir

Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tadbir


Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan talabalarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Vatanga boʻlgan muhabbat tuygʻusini shakllantirish, mamlakatimizda har xil sohalarda, shu jumladan, mudofaa va xavfsizlik yoʻnalishlarida ham olib borilayotgan keng koʻlamli jarayonlarga daxldorlik tuygʻularini rivojlantirish, ularni kasbiy tayyorgarligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, kelgusi xizmat faoliyatiga tayyorlash maqsadida Akademiyada “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, halqimiz faxri!” shiori ostida tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda koʻp yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida, shu bilan birga, Favqulodda vaziyatlar vaziri, Mudofaa vaziri lavozimlarida xizmat oʻtagan, mamlakatimiz mustaqilligi davrida mudofaa va xavfsizlik sohalarini rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshgan harbiy fanlar boʻyicha falsafa doktori, professor, general-polkovnik Berdiev Qobul Raimovich ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida Qobul Raimovich ushbu sohalarda kechgan jarayonlarning bevosita ishtirokchisi, yuqori professional va katta hayotiy tajribaga ega inson sifatida, mustaqil Oʻzbekistonning milliy armiyasini tashkil etilishi tarixi, hozirgi kunga qadar amalga oshirilgan va muhtaram Prezidentimiz – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni boshchiligida izchillik bilan amalga oshirilayotgan koʻlamli islohotlar haqida soʻzlab berdilar.

Shu bilan birga, tadbir mehmoni xizmat faoliyati davomida bosib oʻtgan yoʻli va taassurotlari bilan oʻrtoqlashib, yoshlarimizga jonajon Vatanimizga, oliyjanob xalqimizga va Prezidentimizga sadoqat bilan xizmat qilish borasida oʻz nasihatlarini berdilar, ularning savollari va qiziqtirgan masalalari yuzasidan oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Oʻylaymizki, bu kabi uchrashuvlar talabalarimizni milliy armiyamizdan hamda kasbiy faoliyatidan faxrlanish, ularda mas'uliyat va sadoqat tuygʻularini shakllantirishga xizmat qiladi. Talabalarimiz kelgusida sharafli va muqaddas kasb sohibi boʻlishlarida muhim oʻrin tutadi.