“Hozirgi zamon ilmiy-tadqiqot ishlariga qo‘yilgan talablar” mavzusida ilmiy seminar o‘tkazildi

“Hozirgi zamon ilmiy-tadqiqot ishlariga qo‘yilgan talablar” mavzusida ilmiy seminar o‘tkazildi


Akademiyada navbatdagi “Fan soati” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi eksperti, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yu.f.d., prof. Ro‘ziyev Rustam Djabbarovich tomonidan “Hozirgi zamon ilmiy tadqiqot ishlariga qo‘yilgan talablar” mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirdan maqsad O‘zbekiston Respublikasida ilmiy tadqiqotlarning sifati va samaradorligini oshirish, yosh olimlar hamda tadqiqotchilarni xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy faoliyatga yo‘naltirishdan iborat.

Ushbu ilmiy tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari, Sudyalar oliy maktabi, Davlat va huquq instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va boshqa qator ilmiy hamma oliy ta’lim muassasasi ilmiy xodimlari, doktorantlar va soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

Seminar davomida professor R.Ro‘ziyev hozirgi zamon ilmiy tadqiqotlariga qo‘yilayotgan xalqaro va milliy talablar haqida atroflicha ma’lumot berib, ilmiy ishlarni tayyorlash metodologiyasi, tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish yo‘nalishlari hamda ilmiy axloq qoidalari haqida fikr bildirdi.

Tadbirda ishtirok etgan professorlar O.Okyulov, F.Otaxonov, X.Isanov va M.Mamasiddiqov ilmiy faoliyatda sun’iy intellektdan foydalanishning dolzarb masalalariga to‘xtalib, uning ilmiy tadqiqotlarning samaradorligini oshirish, axborotga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, vaqtni tejash, tadqiqot ishining kuchli va zaif tomonlarini aniqlash borasidagi afzalliklari bilan birga maxfiylik va mualliflik huquqlarini buzish, ma’lumotlarning haqqoniyligi, ilmiy etika qoidalarining buzilishi, akademik halollik bilan bog‘liq muammolar mavjudligini qayd etib o‘tishdi.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va amaliy tavsiyalar oldilar.

Tadbir so‘ngida professor R.Ro‘ziyev ilmiy izlanishlarda muvaffaqiyat qozonish uchun puxta rejalashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish hamda innovatsion yondashuvlarni qo‘llashning ahamiyatini alohida ta’kidlagan holda Akademiyada tashkil etilayotgan “Fan soatlari” ilmiy jamoatchilik o‘rtasida ijobiy baholanayotganligini, uning haqiqiy ilmiy xodimlar ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilib kelayotganligini, turli yuridik ta’lim va tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlari uchun kerakli “ilmiy maydon” vazifasini bajarayotganligini e’tirof etdi.