Akademik va yoshlar uchrashuvi

Akademik va yoshlar uchrashuvi


2025 yil 16 yanvar kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov Akademiyaning bakalavriat talabalari, magistratura tinglovchilari va doktorantlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“Akademik va yoshlar” ruknida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” hamda “Xalqaro huquqning zamonaviy tendensiyalari” mavzulari muhokama qilindi. Mazkur tadbir mamlakatda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati va yoshlarning bu boradagi rolini yoritib berishga qaratilgan.

Uchrashuvda Akademik Saidov Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida inson huquqlari, erkinliklari va demokratiyaga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidlab, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imidjini yaxshilash va inson huquqlari bo‘yicha yuqori standartlarga erishishdagi sa’y-harakatlari haqida ma’lumot berdi. Tadbirda yuzdan ziyod talaba yoshlar, magistr va tadqiqotchilar faol ishtirok etdi.

Muloqot davomida jahonda kechayotgan globallashuv jarayonlari, inson huquqlari sohasidagi xalqaro prinsiplar hamda davlatlararo hamkorlikning ahamiyati haqida fikr almashildi. Akademik xalqaro huquq tizimidagi zamonaviy o‘zgarishlar va ularning inson huquqlarini ta’minlashdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. Tadbir yoshlar uchun bilim va ko‘nikmalarni oshirish, inson huquqlari sohasida ilmiy-nazariy bilimlarni chuqurlashtirish va amaliyotga yo‘naltirish uchun muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, talabalarga huquq sohasini o‘rganishning ahamiyati, adabiyot va huquq o‘rtasidagi uzviylik kabi masalalarda ham qiziqarli ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv yoshlarning inson huquqlari va xalqaro huquq yo‘nalishidagi salohiyatini oshirish, ularning jamiyat va davlat ishlaridagi ishtirokini yanada faollashtirishga yo‘naltirilgan muhim tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.

Tadbir yakunida Akademik A.X.Saidov O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining faoliyati bilan tanishib chiqib, bu yerda ilm-fan va o‘quv jarayoni uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi.