2025-yil 18 fevral kuni BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) Mintaqaviy vakolatxonasi rahbari O. Shtolpe boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida tomonlar UNODC bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, korrupsiyaga qarshi kurash, jinoyatchilikning oldini olish va uning profilaktikasi, jinoiy aktivlarni qaytarish, raqamli dalillar, sud ekspertizasi hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohalarida xodimlar salohiyatini oshirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va shu yo‘nalishda yetakchi xorijiy ta’lim hamda tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvarda qabul qilingan "2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-1-son qarorida belgilangan vazifalar doirasida jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Samarali va mazmunli o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.