Ombudsman va yoshlar uchrashuvi

Ombudsman va yoshlar uchrashuvi


2025-yil 20-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman), yu.f.d. F.F.Eshmatova  Akademiyaning bakalavriat talabalari, magistratura tinglovchilari va doktorantlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. “Ombudsman va yoshlar” ruknida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda inson huquqlari sohasidagi zamonaviy tendensiyalar muhokama qilindi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, demokratiyani mustahkamlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘nalishida katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yoshlarning ishtiroki va faolligi alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur tadbir inson huquqlari sohasida olib borilayotgan islohotlarni yoritish, yoshlarning bu boradagi o‘rnini va imkoniyatlarini muhokama qilishga qaratilgan.

Tadbirda ishtirokchilar inson huquqlari sohasidagi o‘zgarishlar, huquqiy ta’limning ahamiyati va demokratiyaning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr almashdilar. Feruza Eshmatova o‘z chiqishida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida inson huquqlari, erkinliklari va demokratiyaga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. U mamlakatda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish hamda inson huquqlari sohasidagi ilg‘or tajribalarni joriy etishga qaratilgan tashabbuslar haqida so‘zlab berdi.

Uchrashuvga yuzdan ortiq talaba, magistr va tadqiqotchilar taklif etilgan bo‘lib, ular huquqiy masalalar yuzasidan o‘z qarashlari va takliflarini bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu uchrashuv yoshlarning huquqiy ongini oshirish, ularning davlat va jamiyat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirish hamda xalqaro huquq sohasida bilimlarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan muhim tashabbus sifatida baholandi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Ombudsmani Huquqni muhofaza qilish akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Akademiyadagi zamonaviy ta’lim jarayonlari, ilmiy-tadqiqot ishlari va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuksak baholandi. Bu muassasa inson huquqlari sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Ushbu uchrashuv yoshlarning huquqiy bilim va malakasini oshirish, ularni jamiyat va davlat ishlarida faol ishtirok etishiga rag‘batlantirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari inson huquqlari himoyasi va rivoji yo‘lida faol harakat qilish zarurligini yana bir bor his qildilar. Demokratik jamiyatda har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlar o‘z huquqlarini bilishi va ulardan to‘g‘ri foydalanishi muhimdir. Bu esa mamlakat taraqqiyoti va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda asosiy omillardan biri hisoblanadi.