Akademiya talabalari va o‘qituvchilaridan iborat jamoa Xalqaro huquqshunos talabalar assotsiatsiyasi (ILSA) tomonidan Bishkek shahrida (Qirg‘iziston) o‘tkazilgan “Phillip C. Jessup International Law Moot Court Competition” xalqaro huquq bo‘yicha musobaqaning mintaqaviy saralash bosqichida munosib tarzda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda “Phillip C. Jessup International Law Moot Court Competition Uzbekistan National Rounds Third Runner-up Team” sovrini bilan taqdirlandi.
Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha saralash bosqichi Bishkekdagi Markaziy Osiyo Amerika universitetida bo‘lib o‘tdi. Musobaqada o‘n to‘rtta jamoa ishtirok etdi, jumladan, Qozog‘istondan oltita, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan to‘rtta jamoa.
Milliy saralash bosqichida jamoalar o‘z universitetlari nomidan qatnashib, yozma memorandumlar tayyorlash va og‘zaki chiqishlar orqali baholandi. Ishtirokchilar xalqaro huquqning murakkab masalalarini tahlil qilib, yechim topishdi. Bular qatoriga inson huquqlari, hududiy nizolar, qurolli to‘qnashuvlar va xalqaro gumanitar huquq masalalari kiradi.
Musobaqa ishtirokchilarning yuridik tahlil qilish, dalillarni asoslash va omma oldida chiqish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Shuningdek, Phillip C. Jessup musobaqasida qatnashish huquqshunoslik sohasi talabalariga xalqaro huquqning murakkab masalalarini chuqur o‘rganish, nutq mahoratlarini takomillashtirish hamda jahon miqyosidagi mutaxassislar va tengdoshlari bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatini beradi.