Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini metodik va konsultativ ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ushbu yo‘nalishda Akademiya tomonidan tizimli ish olib borilmoqda, jumladan, hududlarga xizmat safarlari tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda mamlakat mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning erta oldini olish tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–1-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlaridan iborat guruh Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) eksperti bilan hamkorlikda Jizzax viloyatiga xizmat safari uyushtirdi.
Bevosita joylarga chiqilgan holda Akademiya xodimlari yapon mutaxassisi bilan birgalikda ilmiy yondashuvlar asosida hududdagi kriminogen vaziyatni o‘rganib, mahallalarda jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘luvchi omillar va sharoitlarni aniqlash bo‘yicha ish olib bordilar.
Muammo dolzarbligini inobatga olgan holda, viloyatda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.