Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi


Joriy yilning 28-fevral kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi tizimi joriy etish holati tahlil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-228-son qarori bilan joriy yilning yanvar oyidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi joriy etilishi belgilangan.

Uchrashuvda Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.Kolenko tomonidan Virtual akademiya elektron platformasini joriy etish holati, uning imkoniyatlari, hozirda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi loyihalar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, Akademiya tomonidan o‘tgan 2024-yil mobaynida 150 dan ortiq davlat organlari va boshqa tashkilotlarning 95 623 nafar xodimlari uchun 110 ta masofaviy shakldagi o‘quv kurslari tashkil etilib, kurslarni ijobiy yakunlagan tinglovchilardan elektron sertifikatlar taqdim etildi.

Joriy yilning yanvar oyida esa Virtual akademiyasi elektron platformasida tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘lgan (komplayens-nazorat) 700 nafardan ortiq xodimlarning malakasi oshirildi.

Agentlik bilan Akademiya tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka muvofiq, davlat organlari va tashkilotlariga ishga yangi qabul qilingan xodimlar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun mart oyidan boshlab maxsus va maxsus chuqurlashtirilgan kurslar boshlanadi.

Uchrashuv davomida Agentlik direktori A.Burxanov Virtual akademiya platformasi imkoniyatlari bilan tanishib, o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.

Uchrashuvda tomonlar Virtual akademiyaning imkoniyatlaridan yanada keng foydalanish, yoshlar va aholining barcha qatlamlarini jalb qilish orqali ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, yosh avlod ongiga halollik qadriyatlarini singdirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga kelishib oldi.