Konstitutsiyaviy sud faoliyati bilan yaqindan tanishish, uning mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlashda tutgan o‘rni haqida chuqur bilimlarga ega bo‘lish maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavriati talabalarining Konstitutsiyaviy sudga tashrifi tashkil etildi.
Tadbir mobaynida talabalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining davlat va jamiyat hayotini modernizatsiya qilish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini yanada mustahkamlashdagi roli, qonunchilik hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash, Konstitutsiya va qonunlar normalariga sharh berish sohasidagi vakolatlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy sudning ko‘p yillik tajribaga ega sudyalari K.F.Kamilov va A.E.Raxmanov talabalar uchun ma’ruzalar tashkil qildilar va Konstitutsiyaviy sud faoliyati va vakolatlari xususida batafsil ma’lumotlar beri, kasbiy faoliyatlari mobaynida orttirgan xulosalari va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Mazkur tashrifda talabalar Konstitutsiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash borasida zarur bilimlarga ega bo‘ldilar, bu esa kelajakda ularning kasb faoliyatlariga oid vazifalarni samarali bajarilishiga xizmat qiladi.