Xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha prokuratura organlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalari oshirildi

Xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha prokuratura organlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalari oshirildi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida, O‘zbekistondagi Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya elchixonasi bilan hamkorlikda terrorizmga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan maxsus treningning birinchi haftaligi o‘tkazildi. Ushbu tadbirda jinoyat huquqi va terrorizmga qarshi kurash sohasida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan Britaniyalik ekspert, jinoyat ishlari bo‘yicha maslahatchi M.Kerroll ishtirok etdi.

Treningning maqsadi – prokuratura organlari xodimlarining terrorizmga qarshi kurash sohasidagi bilim va professional ko‘nikmalarini oshirish, xorijiy davlatlarning ushbu sohadagi ijobiy tajribasini, shuningdek terroristik harakatlarni aniqlash, tergov qilish va unga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘llaniladigan xalqaro huquqiy mexanizmlar va standartlarni o‘rganish hisoblanadi.

Tadbir davomida ishtirokchilar xalqaro hamkorlik vositalarini huquqiy tartibga solish va ularni amalda qo‘llash, o‘zaro huquqiy yordam, ekstraditsiya va davlatlar o‘rtasida operativ ma’lumot almashish, zamonaviy usullar orqali, xususan, ochiq ma’lumotlar manbalaridan dalillarni yig‘ish, tahlil qilish va foydalanish masalalarini muhokama qilishdi.

Treningda shuningdek terrorizmga qarshi kurashishda idoralararo hamda milliy va xalqaro tuzilmalar, jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari, maxsus xizmatlar, tegishli tashkilotlar o‘rtasida mazkur turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishda samarali hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirning muhim qismi sifatida ishtirokchilar tomonidan amaliyotdagi real keyslarni aktiv muhokama qilish, prokuratura organlari xodimlarining terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda duch keladigan mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni xorijiy tajribaga tayangan holda bartaraf qilish bo‘yicha hamkorlikda takliflarni ishlab chiqish jarayoni bo‘ldi.

Trening ishtirokchilar tomonidan yuqori baholanib, ushbu kursning keyingi bosqichlarini davom ettirishga asos bo‘ldi.