Viloyatlar prokurorlarining birinchi o‘rinbosarlari uchun maxsus seminar tashkil etildi

Viloyatlar prokurorlarining birinchi o‘rinbosarlari uchun maxsus seminar tashkil etildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar prokurorlarining birinchi o‘rinbosarlari ishtirokida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, mahalla jinoyatchiligini barvaqt oldini olish, energetik xavfsizligini ta’minlash hamda ijtimoiy sohalarda noqonuniy holatlarni jilovlash faoliyatini tashkil etishga oid bilim va ko‘nikmalarni oshirish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.

Seminar mashg‘ulotlarida jinoyatchilikka qarshi kurashishda kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, jinoyat huquqining dolzarb muammolari, korrupsiyaning yangi, raqamli ko‘rinishlari, jumladan kiber korrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratish borasida o‘zaro fikr almashildi.

Ishtirokchilar Akademiyada tashkil etilgan Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatiga oid taqdimot bilan tanishdilar.

Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yuzasidan Akademiyada joriy etilgan ta’lim dasturlari, shuningdek, kiberlaboratoriya, kriminalistik poligon, kriminalistik laboratoriya, sud imitatsiyasi zali hamda boshqa amaliy va simulyatsion o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish imkonini beradigan zamonaviy ta’lim infratuzilmasi prokurorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Seminar doirasida ishtirokchilar shuningdek Toshkent shahar IIBBda tashkil etilgan Situatsion markaz va Toshkent viloyati IIBBning Tezkor-boshqaruv markazi imkoniyatlari, Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi Mahalla huquq-tartibot maskani faoliyati bilan tanishdilar.