Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Kriminologiya tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “Tan jarohati yetkazish jinoyatlarining profilaktikasi samaradorligini oshirish masalalari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Akademiya va Institutning professor o‘qituvchilari, xodimlari, mustaqil izlanuvchilari hamda tayanch doktorantlari ishtirok etishdi. Shuningdek, onlayn formatida 40 dan ziyod soha ekspertlari va tadqiqotchilar qatnashdilar.
Tadbirni Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko ochib, kun tartibidagi mavzuning dolzarbligini ta’kidladi va bu toifadagi jinoyatlar profilaktikasi samaradorligini oshirish nafaqat huquqni muhofaza qilish xodimlarining balki, huquqshunoslik yo‘nalishida ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilarni ham o‘ylantirishi zarurligini qayd etib o‘tdi.
Kriminologiya tadqiqot instituti boshlig‘i B.E.Berdialiyev so‘nggi yillarda respublikada va uning ayrim hududlarida bu turdagi jinoyatlar tendensiyasi hamda ularning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar haqida fikr bildirdi.
Davra suhbati ishtirokchilari kun tartibidagi mavzu yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, qonunchilik hamda uni tatbiq etishdagi ayrim muammolarga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar hamda xorijiy davlatlarning bu boradagi ilg‘or tajribasi asosida tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.