Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari sohalarida hamkorlik kuchaytiriladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari sohalarida hamkorlik kuchaytiriladi


Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq sohasida belgilangan mushtarak maqsadlar va vazifalar ijrosining samaradorligini oshirish maqsadida joriy yilning 9-aprel kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish, sud-huquq masalalari bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida olimlar va mutaxassislar ishtirokini kengaytirish, tizimli tahlillarni amalga oshirish, ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan.

Hamkorlik memorandumiga asosan Akademiya va Qo‘mita tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy asoslangan takliflarni tayyorlash, korrupsiyaga olib keluvchi normalarni aniqlash, huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha tahliliy faoliyatni amalga oshirish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, jinoyatchilikning oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga oid amaliy tadqiqotlarni qonunlarda aks ettirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, yosh avlod ongiga halollik qadriyatlarini singdirish, talabalarning qonunchilik ijodkorligi amaliyotida ishtirok etishini tashkil etish kabi ishlar hamkorlikda amalga oshirilishi belgilangan.

Memorandumni imzolash tantanali marosimi bilan bir qatorda Qo‘mita deputatlari Akademiya faoliyati va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, Qo‘mita va Akademiya rahbariyati o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi bosqichga ko‘tarishning ramziy ma’nosi sifatida Akademiya hovlisida daraxt ekdilar.