“Zamonaviy tergovchining ma’naviy qiyofasi” mavzusidagi respublika yosh yuristlar ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi

“Zamonaviy tergovchining ma’naviy qiyofasi” mavzusidagi respublika yosh yuristlar ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Zamonaviy tergovchining ma’naviy qiyofasi” mavzusidagi respublika yosh yuristlar ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyada mamlakatimizdagi oliy harbiy va oliy yuridik ta’lim muassasalari, shuningdek yuridik soha bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda dastlabki tergov va surishtiruv jarayonida shaxsning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishi, uning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz o‘quv tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Akademiyada inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilish madaniyati bilan uyg‘unlashgan yuksak ma’naviy, psixologik, tahliliy va kasbiy sifatlarni rivojlantirishning samarali tizimini joriy etgan holda jinoyatlarni tergov qilish sohasida mutaxassislarni chuqurlashtirilgan maqsadli bazaviy tayyorlashga asosiy e’tibor qaratilgan.

Bunda bugungi kun tergovchisi sifatida «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oyani qalban his qila oladigan, yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarga ega, ongi shuurida, faoliyatida qonun ustuvorligi va qilmish uchun jazo muqarrarligini ta’minlash tamoyili ustuvor bo‘lgan davlat xizmatchisi tushuniladi.

Konferensiyada tergovchi shaxsiga qo‘yiladigan talablar, tergovchi madaniyati va ma’naviyati, tergovchi shaxsini ma’naviy va axloqiy jihatdan baholash, umuman zamonaviy tergovchining ma’naviy qiyofasi haqida mamlakatimizdagi yuridik oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning qarashlari, ularning bu boradagi fikr va mulohazalarini o‘rganish imkoniyati yaratildi.

Mazkur Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining tergov faoliyati sohasi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalari hamda oliy harbiy va oliy yuridik ta’lim muassasalari talabalari zamonaviy tergov madaniyati va ma’naviyati, kasb etikasi va axloqiy jihatlari to‘g‘risidagi ma’ruza qildilar. Akademiya professor-o‘qituvchilari konferensiya ishtirokchilarining fikr va mulohazalariga o‘zlarining munosabatlarini bildirdilar.

Konferensiya davomida ishtirokchilarning chiqishlari, fikr va mulohazalari hamda takliflari surishtiruvchi va tergovchilar tayyorlashda ularning shaxsiy va kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ta’lim jarayonini takomillashtirishda inobatga olinishi belgilandi.