O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Yoshlar ishlari agentligi, Volontyorlar assotsiatsiyasi, BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) bilan hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi kurashish va jinoyatlarning oldini olish, uyushmagan yoshlar va xotin-qizlarni ijtimoiy innovatsiyalar hamda ijtimoiy tadbirkorlikka yo‘naltirish maqsadida amalga oshirilgan UPSHIFT loyihasining yakuniy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Akademiya xodimlari, “UNICEF” xalqaro tashkiloti vakillari, O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiya, O‘zbekiston kar-soqovlar jamiyati, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahar hokimligi, shuningdek davlat va nodavlat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari, psixologlar, loyiha ishtirokchilari va mentorlari ishtirok etishdi.
UPSHIFT loyihasi doirasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan o‘quv-treninglar yakunida eng yaxshi g‘oyalar asosida tayyorlangan uch loyiha: imkoniyati cheklangan shaxslarga mo‘ljallangan telegram bot yaratishga yo‘naltirilgan “Sizni eshitamiz” loyihasi, ekologik madaniyatni targ‘ib qiluvchi eko-shoperlarni ishlab chiqaruvchi “Eco Art” loyihasi, bolalar uchun o‘yin maydonchasi va massaj xizmatini birlashtirgan “Barkamol” loyihasi g‘olib bo‘ldi.
Mazkur loyihalar boshlang‘ich moliyalashtirish, mentorlik ko‘magi va doimiy kuzatuv bilan ta’minlandi hamda bugungi kunda o‘z faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘ydi.
Tadbirda ushbu loyihalar doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirib o‘tildi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar loyihalar ishtirokchilarining keyingi faoliyatida muvaffaqiyat tilab, mazkur yo‘nalishdagi ijtimoiy loyihalarni yanada ko‘paytirish lozimligini e’tirof etishdi.