Korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida navbatdagi seminar

Korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida navbatdagi seminar


Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mutaxassislari tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.

Seminarda FVV akademiyasi professor-o‘qituvchilari va xodimlari ishtirok etdi. Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi boshlig‘i Xudoyberdi Tursunbekov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunlar mazmun-mohiyati, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar, shu jumladan jinoyat sodir etgan shaxslar uchun javobgarlik masalalari xususida batafsil tushuntirish berildi.

Shuningdek, joriy yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida Davlat rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish, bunga jamoatchilik, parlament va fuqarolik jamiyati institutlarini keng safarbar etish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 21-aprelda qabul qilingan PF-71-son Farmoni mazmun-mohiyati yoritib berildi.

Tadbir yakunida FVV Akademiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoraviy chora-tadbirlarni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar berilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.