O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasi Turkiya Respublikasi Jandarmeriya va Sohil xavfsizligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan “Tartibsiz migratsiyani boshqarish va odam savdosiga qarshi kurash” mavzusidagi xalqaro sertifikat dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli dasturning asosiy maqsadi davlat organlari xodimlari o‘rtasida noqonuniy migratsiya, odam savdosi va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda Turkiyaning bu sohadagi ilg‘or huquqiy, institutsional va axborot-texnologik tajribasini o‘rganish orqali samarali yechimlarni shakllantirishga qaratilgan.
Dasturning ochilish marosimida Turkiya Jandarmeriya va Sohil xavfsizligi akademiyasi rahbari hamda Bolgariya, Kanada, Chili, Iroq, Italiya, Kosovo, Mavritaniya, Marokash, Polsha, Ruminiya, Rossiya, Serbiya, Ispaniya va Shvetsiya vakillari ishtirok etdilar.
Tashrif doirasida Akademiya delegatsiyasi Turkiya Jandarmeriya va Sohil xavfsizligi akademiyasi hamda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tashkil etilgan dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etdi. Dastur ishtirokchilari odam savdosi va migrantlar kontrabandasini farqlash, jabrlanganlarni aniqlash va himoya qilishning milliy mexanizmlari, jamiyatda migrantlarga bo‘lgan munosabat va media stereotiplari, migratsiya sotsiologiyasi va himoya tizimlarining huquqiy asoslari kabi muhim mavzular bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
O‘quv jarayonida migratsiya jarayonlariga ijtimoiy va axborot-kommunikatsiyaviy nuqtayi nazardan yondashuv, migrantlar bilan samarali muloqot o‘rnatish, ularning huquqlarini himoya qilish, irregulyar migratsiya va inson savdosiga qarshi kurashda yetakchi davlat tuzilmalarining tajribasi kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Dastur yakunida ishtirokchilar bilim va ko‘nikmalari test-imtihon jarayonida baholandi, bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya a’zolari Turkiya Jandarmeriyasi muzeyi bilan tanishdilar hamda Jinoyat ishlari boshqarmasi faoliyatini o‘rgandilar.
Ushbu xalqaro sertifikat dasturidagi ishtirok O‘zbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlarining tartibsiz migratsiya va odam savdosiga qarshi kurash sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.