Joriy yilning aprel oyida o‘tkazib kelingan “AKT-jinoyatlari: aniqlashdan sud qaroriga qadar (sudyalar uchun kirish kursi)” mavzusida seminar-treninglar turkumi muvaffaqiyatli yakunlandi. Tadbirlar YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti, Sudyalar Oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Seminar-treninglar 14-15-aprel kunlari Toshkent shahrida, 21-22 aprel kunlari Farg‘ona shahrida va 23-24 aprel kunlari Namangan shahrida o‘tkazildi. Ularda tergov sudyalari, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar bilan bog‘liq jinoyat ishlarini ko‘rib chiquvchi sudyalar, shu jumladan viloyat, shahar va tuman sudlarining jinoyat ishlari bo‘yicha kollegiyalari vakillari ishtirok etdilar. Bundan tashqari, ta’lim dasturi doirasida prokuratura organlari va ichki ishlar organlari xodimlari uchun alohida mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Yetakchi ekspertlar sifatida Iqtisodiyot oliy maktabi Milliy tadqiqot universiteti (Moskva) jinoyat huquqi va kriminalistika departamenti dotsenti Kirill Klevsov, Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti boshlig‘i G‘ayrat Musayev va shu institutining Ixtisoslashtirilgan raqamli tadqiqotlar markazi boshlig‘i Xagani Gadjiyev ishtirok etdilar.
Treninglar dasturi sudyalarda axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni malakalash va ko‘rib chiqish bo‘yicha zarur kompetensiyalarni shakllantirishga bag‘ishlangan. Alohida e’tibor jinoyat protsessida raqamli dalillarning maqbulligi, ularning aloqadorligi va ishonchliligini baholash mezonlari, elektron ma’lumotlarni tadqiq qilish usullari va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlarga qaratildi.
Namangan shahrida YXHTning O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Antti Karttunen ishtirokida seminar-treninglar yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar treninglarning amaliy yo‘naltirilganligi, materiallarning dolzarbligi va ekspertlarning professionalligini yuqori baholadilar, shuningdek, bunday tadbirlarini muntazam o‘tkazish zarurligini ta’kidladilar.