Ixtisoslashtirilgan prokurorlar korpusi xodimlari uchun tashkillashtirilgan malaka oshirish kursi

Ixtisoslashtirilgan prokurorlar korpusi xodimlari uchun tashkillashtirilgan malaka oshirish kursi


Akademiyada Bosh prokuror tomonidan o‘quv jarayonini prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga oid belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Ixtisoslashtirilgan prokurorlar korpusining viloyatlar va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning tegishli tarmoqlari hamda tuman (shahar) prokurorlarining sohaviy yordamchilari ishtirokida “Iqtisodiy, fuqarolik, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtiroki samaradorligini oshirish masalalari” mavzusida malaka oshirish kursi o‘tkazildi.

Kurs dasturi prokuratura faoliyatining umumiy masalalari, shuningdek fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash masalalarini qamrab olgan bo‘lib, asosiy e’tibor qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar va ularni amaliyotda qo‘llash masalalariga qaratildi.

Malaka oshirish kursining Akademiyada o‘tkazilgan yakuniy bosqichida tinglovchilarning masofadan o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalari bevosita auditoriya mashg‘ulotlari jarayonida prokurorlarning sudlarga da’vo arizalari (arizalar) kiritish, sudlarning noqonuniy va asossiz qarorlariga protest loyihalarini tayyorlash, muammoli-vaziyatli holatlarni tahlil qilish va kazuslar yechimini topish tarzida o‘tkazildi.

Malaka oshirish kursi natijalariga ko‘ra tinglovchilar tomonidan mustaqil ravishda tayyorlangan laboratoriya ishlarining himoyasi savol-javoblar tarzida amalga oshirildi.

Shuningdek, o‘quv kursi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining muzeyiga tashkillashtirilgan tashrif tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.