Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Surxondaryo viloyatida jinoyatchilikni jilovlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va energiya samaradorligini oshirishga oid qonunchilik ijrosi yuzasidan sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Dastlab ishchi guruh tomonidan viloyat prokuratura organlari rahbariyati, mahkama xodimlari, tuman (shahar) prokurorlarining sohaga mas’ul yordamchilari ishtirokida “Energiya resurslaridan foydalanish va sarflanishiga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati” mavzusidagi o‘quv seminari o‘tkazildi.
O‘quv tadbirida energiya resurslaridan foydalanish va sarflanishiga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar, nazorat tadbirlarida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar atroflicha yoritib berildi.
Navbatdagi o‘quv mashg‘uloti viloyat prokuraturasi mahkama xodimlari, tuman (shahar) prokurorlari uchun “Korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish” mavzusida tashkil etilib, unda joylarda kundalik hayotda sodir etilayotgan maishiy korrupsiyaning turlari, ularning oldini olishga qaratilgan tadbirlar hamda prokuratura organlariga bu borada yuklatilgan vazifalar xususida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
O‘quv mashg‘ulotlari davom ettirilib, tuman (shahar) prokurorlari va sohaviy o‘rinbosarlari ishtirokida “Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Mazkur tadbir doirasida ishtirokchilarga jinoyatchilikning barvaqt oldini olishning yangi tizimi, hududdagi kriminogen vaziyatning kundalik tahlilini amalga oshirish, sohada prokuror nazoratini samarali tashkil etish hamda latent jinoyatlarni fosh etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida viloyat prokuratura va ichki ishlar organlari mahkamalari, shuningdek tuman (shahar) tergovchilari uchun “Kiberjinoyatlarni tergov qilish ketma-ketligi va raqamli dalillarni maqbulligini ta’minlash” mavzusida amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi va ishtirokchilarni qiziqtirgan savollar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.
Akademiya tomonidan hududlarda mazkur dolzarb yo‘nalishlardagi o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar tizimli davom ettirilmoqda.