Toshkent viloyatida sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi

Toshkent viloyatida sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi


Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan viloyatlarga chiqqan holda energiya samaradorligini oshirishga oid qonunchilik ijrosi nazorat samaradorligini oshirish, maishiy korrupsiyaning oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish mavzulari yuzasidan sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulotlarini o‘tkazish davom ettirilmoqda.

Navbatdagi sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar Toshkent viloyati prokuraturasi va viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasida tashkil etildi.

Xususan, viloyat prokuraturasida mahkama rahbariyati va xodimlari, tuman (shahar) prokurorlari va ularning sohaga mas’ul bo‘lgan yordamchilari ishtirokida “Energiya resurslaridan foydalanish va sarflanishiga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotida energiya resurslaridan foydalanish va sarflanishiga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini ta’minlash bo‘yicha normativ hujjatlar va sohaviy buyruqlarda belgilangan vazifalar, nazorat tadbirlarida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yoritib berildi.

Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlari Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida davom ettirilib, unda viloyat prokuraturasi va ichki ishlar bosh boshqarmasining tergov ustidan nazoratni amalga oshiruvchi tarmoqlar va tergov bo‘linmalari prokuror-tergovchilari, tuman prokurorlari va ularning o‘rinbosarlari, prokuratura va ichki ishlar bo‘linmalari tergovchilari qatnashdi.

Ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30-apreldagi “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 153-sonli qarori mazmun-mohiyati, shuningdek “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatchilik ahvoli, amaliyotdagi muammolar, bu toifadagi jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish samaradorligini oshirish” mavzusida mashg‘ulot o‘tkazildi.

Tadbir davomida davlatimiz Rahbari tomonidan qabul qilingan so‘nggi qarorning mazmun-mohiyati atroflicha yoritib berildi, Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining imkoniyatlari, tergovchilar va ularni nazorat qiluvchi prokurorlar uchun kiberjinoyatlarni fosh etish hamda tergov qilishda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan ekspertiza turlari haqida tushuntirish berildi. Akademiya tomonidan tayyorlangan “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyat ishlarini yuritishda tergovchining yon daftari” uslubiy qo‘llanmasi taqdimoti o‘tkazildi.

Navbatdagi o‘quv va amaliy mashg‘uloti “Korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish” mavzusidagi taqdimot qilinib, kundalik hayotda sodir etilayotgan maishiy korrupsiya huquqbuzarliklari va jinoyatlari, ularning oldini olishning samarali usullari haqida ishtirokchilarga batafsil yoritib berildi.

Turkum tadbirlar doirasida shuningdek “Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish” mavzusidagi o‘quv mashg‘ulotida ishtirokchilarga jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha o‘tkaziladigan kunlik va boshqa muddatli tadbirlar yuzasidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish va ishni samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy misollar yordamida tushuntirib berildi.

Akademiya tomonidan yuqoridagi dolzarb mavzularda o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar davom ettirilmoqda.