Akademiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining bolalar huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) S.Rahmonova, O‘zbekistondagi BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) vakillari S.Axayeva va Sh.Ashrafxanova bilan Akademiya rahbariyati va xodimlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir bolalar huquqlarini himoya qilish masalalarida davlat institutlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash doirasida tashkil etildi.
Muhokama qilingan asosiy mavzular bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish, xalqaro standartlarga muvofiq milliy qonunchilikni takomillashtirish va bolalar huquqlari bo‘yicha maxsus ta’lim kursini ishlab chiqish masalalari bo‘ldi.
YUNISEF bilan hamkorlikda boshlangan ushbu yangi kurs mutaxassislar va yoshlar o‘rtasida bolalar huquqlari bo‘yicha xabardorlikni oshirish, shuningdek, ularni amaliy jihatdan ta’minlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Uchrashuv ishtirokchilari bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha samarali tizim yaratishda hamkorlikda ishlash muhimligini ta’kidladilar. Pedagoglar, ijtimoiy xodimlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlashda mazkur ta’lim kursini integratsiya qilish orqali bolalar huquqlarini himoya qilishga kompleks yondashuvni ta’minlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.