Prokuratura organlari xodimlari uchun UNESCO mintaqaviy treninglari o‘tkazildi

Prokuratura organlari xodimlari uchun UNESCO mintaqaviy treninglari o‘tkazildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasi UNESCO
ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Namangan viloyati prokuratura organlari xodimlari uchun “So‘z erkinligi va axborotdan foydalanish hamda jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish” mavzusida trening o‘tkazildi.

Trening jurnalistik faoliyatini muhofaza qilish, so‘z va axborot olish erkinligini ta’minlash sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ekspert Sabin Ouellet (Kanada) tomonidan o‘tkazildi.

Treningda Namangan viloyat prokuraturasi organlari xodimlari, xususan, viloyat prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisi, bo‘lim prokurorlari, tuman-shahar prokurorlarining yordamchilari va tergovchilari ishtirok etishdi.

Tadbir ishtirokchilariga ekspert tomonidan so‘z erkinligi huquqi va uning demokratik jamiyat qurilishidagi ahamiyati, so‘z erkinligini qonuniy cheklash, axborot olish erkinligining kafolatlari, xalqaro standartlar talablari va ilg‘or xorij tajribasi haqida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, jurnalistlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni amalga oshirishning usul va mexanizmlari atroflicha yoritildi.

Ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.