Akademiya xodimlarining Shvetsiyaning Lund universitetida navbatdagi stajirovkasi

Akademiya xodimlarining Shvetsiyaning Lund universitetida navbatdagi stajirovkasi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari Shvetsiyaning Lund universitetida “Markaziy Osiyo huquqi: Markaziy Osiyoda huquqiy madaniyatlar va biznes muhiti” loyihasi doirasida stajirovka o‘tab qaytishdi.

Stajirovka davomida xodimlar Lund universitetining o‘qitish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish tizimi bilan yaqindan tanishib, bu borada universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy uchrashuvlar tashkil etishdi hamda o‘zaro amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Shuningdek, Lund universitetining Huquq sotsiologiyasi departamenti tomonidan tashkil etilgan “Nog‘arbiy jamiyatlarda korrupsiya: Markaziy Osiyodan qarashlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi.

Xususan, ushbu tadbirda Akademiyaning fakultet boshlig‘i A.Hidoyatullayev “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish muammolari va istiqbollari”, markaz boshlig‘i Sh.Shayzakov “Korrupsiyaga qarshi huquqiy ekspertizada korrupsiya va byurokratik to‘siqlarga qarshi kurashishning huquqiy asoslari (O‘zbekiston misolida)”, kafedra boshlig‘i A.Komilov “Mehnat migrantlari uchun imtiyoz va preferensiyalar: O‘zbekiston misolida”, kafedra dotsenti S.Shomirzayev “Korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish va ularning oldini olish choralari: xorijiy amaliyot va qiyosiy-huquqiy tahlil”, markaz prokurori T.Safarov “Korrupsiyaning ijtimoiy-madaniy manbalari sifatida urf-odat va an’analar: Markaziy Osiyo amaliyotida huquqiy va kriminologik tahlil” mavzularda ma’ruza bilan ishtirok etishdi.

Stajirovka yakunida xodimlar tomonidan ilmiy maqolalar tayyorlandi va yuqori reytingga ega bo‘lgan xorijiy jurnallarga yuborildi.

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Shvetsiyaning Lund universiteti o‘rtasidagi hamkorlik davom etmoqda.