Akademiyada yangi elektiv kursga start berildi

Akademiyada yangi elektiv kursga start berildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan huquqni muhofaza qilish faoliyatining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish kurslarini ishlab chiqish, shu jumladan elektron (masofaviy) formatidagi o‘quv kurslarni joriy etish borasida tizimli ish olib borilib, bu jarayonda innovatsion yondashuvlardan keng qo‘llanilmoqda.

Akademiya mutaxassislari tomonidan sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uchun «Yashirin ma’lumotlarni aniqlash maqsadida poligraf tadqiqotlarini o‘tkazish» mavzusida yangi elektiv malaka oshirish kursi ishlab chiqildi.

Kurs maqsadi – tinglovchilarda poligrafning ishlash tamoyillari, uning faoliyat mexanizmi, insonning psixologik va fiziologik reaksiyalari hamda tergov jarayonida poligrafdan foydalanish usullari bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.

Kurs doirasida tinglovchilar jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida poligraf tadqiqotlarini o‘tkazishning zamonaviy usul va muhim jihatlarini o‘rganadilar.

Ushbu kursning o‘ziga xos jihati – sun’iy intellekt yordamida yaratilgan AI-assistent ishtirokida o‘tkazilishidir. Sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘quv jarayoniga integratsiya qilinishi interaktiv va uzluksiz ta’lim uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.

Bugungi kunda mazkur kursda 500 nafardan ortiq huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tahsil olmoqda.