2018 yil 27 noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura Akademiyasiga Koreya Adliya institutining professori, katta prokuror Cho Jaebin boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida o'quv jarayonlarini tashkil qilish bo'yicha kelajakdagi rejalar, odil sudlov va kriminalistika sohalarida halqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari, birgalikdagi amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar, raqamli ekspertizalarni tayinlash va o'tkazish ahamiyati va istiqbollari muhokama qilindi.
Koreya Adliya instituti vakillari tomonidan prokurorlarni institutda o'qitish davriyligi, ularni tashkil qilinishidagi o'ziga xoslik, o'qitilayotgan kontingent, qayta tayyorlash jarayoni haqida ma'lumot berildi.
O'z navbatida Akademiya rahbariyati tomonidan bugungi kunda Akademiya oldida turgan dolzarb vazifalar, o'qitish jarayonidagi o'ziga xos jihatlar, prokuratura tizimi xodimlarini o'qitishda qo'llanilayotgan yangi pedagogik usullar, elektron ta'lim berish jarayoni izohlandi.
O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirishda elektron ma'lumotlarni olish va dalil sifatida mustahkamlash borasidagi kiritilishi kutilayotgan o'zgartishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Koreya Adliya instituti vakillari Akademiya o'quv xonalari, professor o'qituvchilar va tinglovchilar uchun yaratib berilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
Tadbir yakunida Koreya Adliya instituti rahbariyatining Bosh prokuratura Akademiyasiga tashrifi bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi va hamkorlikni yanada rivojlantirish ikki tomon uchun ham manfaatli degan xulosaga kelindi.