Akademiya vakili Parij-Sakle universitetida ma’ruza qildi

Akademiya vakili Parij-Sakle universitetida ma’ruza qildi


Fransiyaning nufuzli Parij-Sakle universitetida bo‘lib o‘tgan ilmiy seminarda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish kafedrasi boshlig‘i L.X.Isoqov “Markaziy Osiyo migrantlari huquqlarining himoyasi: qiyosiy-huquqiy tahlil” mavzusida ma’ruza qildi.

Seminar Parij-Sakle universitetining Huquqshunoslik fakulteti va Ommaviy huquq ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan postdoktorantura dasturi doirasida tashkil etildi. Unda Fransiyaning yetakchi professor-o‘qituvchilari, doktorantlari hamda tadqiqotchilari ishtirok etdi.

L.X.Isoqov o‘z ma’ruzasida Markaziy Osiyodan kelgan mehnat migrantlarining huquqiy maqomi, ularning qabul qiluvchi mamlakatlaridagi huquqiy himoyasidagi farqlar, viza va yashash huquqiga doir tartibotlar, migrantlarga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning munosabati va ijtimoiy himoya tizimidagi muammolar yuzasidan qiyosiy tahlil taqdim etdi. Shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash sohasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, qonun ustuvorligini ta’minlash va xalqaro hamkorlik masalalari alohida qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida, Parij-Sakle universiteti dunyo miqyosida yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanib, U.S. News & World Report Best Global University Ranking reytingiga ko‘ra Fransiyada 1-o‘rinni, ARWU (Academic Ranking of World Universities) reytingiga ko‘ra esa ta’lim sifati bo‘yicha dunyoda 13-o‘rinni egallaydi.

Postdoktorantura dasturining asosiy maqsadi – Markaziy Osiyo mamlakatlarining yuqori salohiyatli huquqshunos mutaxassislarini qonun ustuvorligini ta’minlash va dolzarb huquqiy muammolar yuzasidan ilmiy tadqiqotlarga jalb etish, o‘zaro bilim va tajriba almashish orqali xalqaro darajada raqobatbardosh ilmiy kadrlar tayyorlashdan iborat.

Ayni paytda Akademiya va Parij-Sakle universiteti o‘rtasidagi qo‘shma ilmiy tadqiqot davom etmoqda.