O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish chog‘ida ashyoviy dalillarni to‘plash va saqlash samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda turli davlatlar va tashkilotlardan yetakchi mutaxassislar, olimlar va sud-ekspertiza ekspertlari ishtirok etdi. Asosiy e’tibor sud-ekspertiza tizimini rivojlantirish, ashyoviy dalillar bilan ishlash jarayonlarini takomillashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratildi.
Uchrashuvda sud-ekspertiza muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xalqaro standartlar asosida ilg‘or usullarni qo‘llash, sud ekspertlarining malakasini oshirish va giyohvand moddalarga qarshi kurashda ekspertiza rolini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Tadbir AQSH Davlat departamentining Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash va huquqni muhofaza qilish byurosi moliyaviy ko‘magida, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamkorligida o‘tkazildi.
Uchrashuv natijalari sud-ekspertiza sohasida ilmiy-uslubiy yondashuvlarni yaxshilash, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlarni belgilashga xizmat qiladi. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini boshlash bo‘yicha takliflar qabul qilindi.