Kiberjinoyatlarga qarshi kurash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi

Kiberjinoyatlarga qarshi kurash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi


2025-yil 3-iyun kuni, Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni rasman imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur hamkorlik, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvardagi PQ–17-son qarori – “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Memorandum raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi samarali kurashish, kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash va ushbu yo‘nalishda yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish nazarda tutilgan.

Tadbirda har ikkala muassasa rahbarlari, professor-o‘qituvchilari va sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdi. Tomonlar hamkorlik doirasida bir qator ustuvor yo‘nalishlarda amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar, jumladan:

kiberhuquq va kiberxavfsizlik sohasida ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni integratsiya qilish;

magistratura bosqichi dasturlari va o‘quv-metodik materiallarni yangilash;

kiberhuquq va kiberxavfsizlik bo‘yicha qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

mazkur yo‘nalishda qo‘shma ilmiy loyihalar va nashrlarni amalga oshirish.

Shuningdek, tadbirda axborot-resurs markazlari, kutubxonalar va laboratoriyalardan o‘zaro foydalanish imkoniyatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Memorandum muassasalar o‘rtasida ilmiy va amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.