2025-yil 19-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «Raqamli transformatsiya davrida huquqni muhofaza qilish faoliyatidagi zamonaviy chaqiriqlar va tahdidlar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu konferensiya 30 dan ortiq davlatdan kelgan 100 dan ziyod xorijiy ekspertlarni — yetakchi olimlar, amaliyotchi mutaxassislar, sohaviy tashkilot va muassasalar vakillarini birlashtirdi. Tadbir doirasida huquqni muhofaza qilish sohasida tez sur’atlar bilan kechayotgan texnologik o‘zgarishlarni chuqur tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiya dasturi doirasida plenar majlis hamda quyidagi yo‘nalishlarga bag‘ishlangan uchta asosiy parallel sessiya tashkil etildi:
• Huquqni muhofaza qilish sohasida fan va ta’lim: zamonaviy yondashuvlar va chaqiriqlar;
• Raqamli kriminalistika va tergov faoliyatini tashkil etishning yangi usullari;
• Raqamli davrda korrupsiya, jinoiy daromadlarni yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ushbu tadbir tashkilotchisi sifatida zamon talablariga mos holda tezkor va samarali qaror qabul qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga katta e’tibor qaratayotganini yana bir bor namoyon etdi. Xalqaro darajadagi ekspertlar ishtirokida platforma yaratilishi — Akademiyaning ilmiy salohiyatni rivojlantirish, innovatsion ta’lim yondashuvlarini joriy etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan izchil harakatlarining mantiqiy davomidir.
Ushbu konferensiyaning o‘tkazilishi kasbiy muloqotni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, raqamli transformatsiya sharoitida jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni ta’minlashga doir amaliy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.