O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-son Qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan ishlar tizimli va izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan mahallalardagi jinoyatchilik vaziyatini ilmiy yondashuv asosida navbatdagi o‘rganish ishlari Toshkent shahar, Yashnobod tumanida olib borilib, tumanning “Cho‘lpon”, “Yangiqo‘rg‘on”, “Boysun”, “Jarqo‘rg‘on” va “Uchchinor” mahallalarida jinoyatchilikni jilovlash, mahalla faollarini jamoat xavfsizligini mustahkamlash jarayonlariga keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Akademiya mutaxassislarning hududdagi kriminogen vaziyatning kundalik tahlili asosida ishlab chiqqan xulosalari va takliflari mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga ijobiy hissa qo‘shmoqda.
Tumanning “qizil” va “sariq” toifaga kiritilgan har bir mahallasidagi jinoyatchilik vaziyatiga ta’sir etuvchi omillarni har tomonlama tahlil qilish natijasida huquqbuzarliklarning o‘ziga xos xususiyatlari baholanib, manzilli profilaktika tizimini joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar berib borilmoqda.
Hududlarda mazkur yo‘nalishlardagi o‘quv amaliy mashg‘ulotlar tizimli davom ettiriladi.