Akademiyada prokuratura organlari xodimlari uchun YUNESKO mintaqaviy treninglari o‘tkazildi

Akademiyada prokuratura organlari xodimlari uchun YUNESKO mintaqaviy treninglari o‘tkazildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Toshkent shahar, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyati prokuratura organlari xodimlari uchun “So‘z erkinligi va axborotdan foydalanish hamda jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish” mavzusida trening o‘tkazildi.

Trening jurnalistik faoliyatni muhofaza qilish, so‘z va axborot olish erkinligini ta’minlash sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ekspert Sabin Ouellet (Kanada) tomonidan o‘tkazildi.

Treningda hududiy prokuratura organlari xodimlari, xususan, viloyat prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchilari, bo‘lim prokurorlari, tuman-shahar prokurorlarining yordamchilari hamda tergovchilari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilariga ekspert tomonidan so‘z erkinligi huquqi va uning demokratik jamiyat qurilishidagi ahamiyati, so‘z erkinligini qonuniy cheklash, axborot olish erkinligining kafolatlari, xalqaro standartlar talablari hamda ilg‘or xorij tajribasi haqida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, jurnalistlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni amalga oshirishning usul va mexanizmlari atroflicha yoritildi.

Ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.