Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi va ichki ishlar organlari xodimlari uchun sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi va ichki ishlar organlari xodimlari uchun sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatchilik ahvoli, amaliyotdagi muammolar, bu toifadagi jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish samaradorligini oshirish” mavzusida navbatdagi sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.

Mashg‘ulot Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori hamda joriy yilning 5-mart kuni Davlat rahbari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashining yig‘ilishida tergov sifatini oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Nukus shahrida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminar doirasida tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, Ichki ishlar vaziri, Bosh prokuratura va respublika prokuraturasi mas’ullari hamda tuman (shahar) prokuraturalari tergovchilari va yosh mutaxassislari, Departamentning respublika boshqarmasi tergovchilari, Ichki ishlar vazirligi va tuman (shahar) IIB tergovchilari, Ekspert-kriminalistika markazi xodimlari, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali mutaxassislari ishtirok etishdi.

Ishtirokchilarga Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti imkoniyatlari yoritilib, tergovchilar va ularni nazorat qiluvchi prokurorlar uchun kiberjinoyatlarni fosh etish hamda tergov qilishda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan ekspertiza turlari, raqamli texnologiyalar yordamida sodir etilgan kiberjinoyatlarni fosh etishning o‘ziga xos xususiyatlari va maxsus vositalarni qo‘llash uslublari, hodisa joyini ko‘zdan kechirish, virtual holda qayta ko‘rib chiqish imkonini beruvchi 360 gradusli sferik videokameralarni qo‘llash imkoniyatlari atroflicha tushuntirildi.

Shu bilan bir qatorda Akademiyada tayyorlangan “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyat ishlarini yuritishda tergovchining yon daftari” uslubiy qo‘llanma mazmun-mohiyati va uni amaliyotda qo‘llashning afzalliklari tanishtirildi.

Sayyor o‘quv-amaliy mashg‘ulot davomida shuningdek Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amaliyotda foydalanib kelinayotgan raqamli dalillar bilan ishlashga mo‘ljallangan texnik va apparat dasturiy vositalar barcha ishtirokchilarga tanishtirilib, har birining texnik imkoniyatlari tanishtirib o‘tildi.

Akademiya tomonidan joylarga chiqqan holda o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish davom ettiriladi.