Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan Jizzax viloyatida “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatchilik ahvoli, amaliyotdagi muammolar, bu toifadagi jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish samaradorligini oshirish” mavzusida sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mazkur tadbir Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori hamda joriy yilning 5-mart kuni Davlat rahbari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashining yig‘ilishida tergov sifatini oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminar doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Jizzax viloyati prokuraturasi va ichki ishlar organlari mas’ullari, tuman (shahar) prokuraturalari tergovchilari va yosh mutaxassislari, Departamentning viloyat boshqarmasi tergovchilari, tuman (shahar) IIB tergovchilari, va boshqa mas’ul mutaxassislar ishtirok etishdi.
Tadbirda ishtirok etgan tergovchilar va ularni nazorat qiluvchi prokurorlar uchun kiberjinoyatlarni fosh etish hamda tergov qilishda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan ekspertiza turlari, raqamli texnologiyalar yordamida sodir etilgan kiberjinoyatlarni fosh etishning o‘ziga xos xususiyatlari va maxsus vositalarni qo‘llash uslublari, hodisa joyini ko‘zdan kechirish, virtual holda qayta ko‘rib chiqish imkonini beruvchi 360 gradusli sferik videokameralarni qo‘llash imkoniyatlari atroflicha tushuntirildi, Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti imkoniyatlari yoritildi.
Shuningdek, Akademiyada tayyorlangan “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyat ishlarini yuritishda tergovchining yon daftari” uslubiy qo‘llanma mazmun-mohiyati va uni amaliyotda qo‘llashning afzalliklari tanishtirildi.
Sayyor o‘quv-amaliy mashg‘ulot davomida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amaliyotda foydalanib kelinayotgan raqamli dalillar bilan ishlashga mo‘ljallangan texnik va apparat dasturiy vositalar barcha ishtirokchilarga tanishtirilib, har birining texnik imkoniyatlari tanishtirib o‘tildi.
Akademiya tomonidan joylarga chiqqan holda o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish davom ettiriladi.