Latviyada korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida yozgi maktabda ishtirok etildi

Latviyada korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida yozgi maktabda ishtirok etildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakili Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari, vazirlik va idoralarning komplaens tuzilmalari rahbarlaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Latviya davlatida tashkil etilgan yozgi maktabda ishtirok etdi.

Yozgi maktab Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish – inklyuziv korrupsiyaning oldini olish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Delegatsiya a’zolari Latviya Respublikasining Riga, Liyepaya va Yurmala shaharlarida bo‘lib, u yerda joylashgan Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi (KNAB), Davlat nazorati, “Davlat ko‘chmas mol-mulki” davlat aksiyadorlik jamiyati, Davlat chegara nazorati organi, Liyepaya maxsus iqtisodiy zonasi, Kurzeme bojxona nazorat punkti, Janubiy-Kurzeme o‘lkasi va Yurmala shahrining o‘zini-o‘zi boshqarish organlari hamda Tranparency International Latvia (DELNA) xalqaro tashkilotiga tashrif buyurishdi.

Yuqoridagi tashriflarda Latviyaning davlat organlari va tashkilotlari va huquqni muhofaza qilish organlari mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga Latviyada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimi, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, ichki nazorat va davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi, korrupsiyaga qarshi taqiq va cheklovlarni buzganlik uchun javobgarlik choralari, korrupsiyaning oldini olishda NNT o‘rni hamda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish kabi mavzularda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Yozgi maktab delegatsiya a’zolariga korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha rivojlangan tajribani joyida chuqurroq o‘rganishga va kelgusida o‘z tashkilotlarida mazkur mexanizmlardan foydalanishga ko‘mak ko‘rsatadi.