Mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish masalalari yuzasidan idoralararo yig‘ilish o‘tkazildi

Mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish masalalari yuzasidan idoralararo yig‘ilish o‘tkazildi

 

Akademiya ishchi guruhi a’zolari 2025-yil 17-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya institutida bo‘lib o‘tgan idoralararo yig‘ilishda igtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qo‘shma chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga bag‘ishlangan mazkur tadbirda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi instituti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda 2025-yilning birinchi yarim yilligida PQ–1-son qaror asosida amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar muhokama qilindi. Jumladan, mahallalardagi kriminogen vaziyat, profilaktika subyektlari faoliyatining holati, ijtimoiy xavf omillari va ularni bartaraf etishda qo‘llanilayotgan yondashuvlar tahlil etildi.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan aniq taklif va tashabbuslar bildirilib, ular asosida joriy yilning ikkinchi yarim yilligi uchun qaror ijrosini ta’minlashda davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik asosida amalga oshiriladigan Qo‘shma chora-tadbirlar rejasi loyihasini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.