2025-yil 5-7-avgust kunlari Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda, xalqaro ekspert Irina Urumova ishtirokida "Bolalarga qarshi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlar bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilish" mavzusida trening o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi, IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida ushbu sohadagi xalqaro standartlar, shu jumladan, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya (1989), Kiberjinoyatchilik to‘g‘risidagi Budapesht konvensiyasi (2001) va Lansarot konvensiyalari (2007) tahlil qilindi. Trening davomida raqamli zo‘ravonlikning zamonaviy shakllari, jabrlanuvchilar va tajovuzkorlar psixologiyasi, raqamli dalillarni to‘plash xususiyatlari, OSINT usullaridan foydalanish, voyaga yetmaganlarga nisbatan tergov harakatlari taktikasi, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyatlarni tergov qilishda sud kompyuter-texnikaviy ekspertizasini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, seminar ishtirokchilari o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish, raqamli platformalar bilan hamkorlik qilish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishda maxsus dasturlardan foydalanish masalalari bilan tanishib o‘tdilar.
Trening yakunida ishtirokchilarga tegishli sertifikatlar topshirildi.