Bosh prokuraturaning Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda qonuniylikni ta’minlash bo‘limi boshlig‘i A. G‘ulomov, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari N. Xaydarov hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan Samarqand viloyatida tuman prokurorlarining sohaviy o‘rinbosarlari hamda IIB xodimlari uchun “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash masalalari” mavzusida o‘quv amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbir doirasida tergovchilar va prokurorlar uchun kiberjinoyatlarni fosh etish hamda tergov qilishdagi dolzarb masalalar, zamonaviy raqamli texnologiyalar hamda maxsus texnik vositalarni samarali qo‘llash usullari haqida amaliy ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, seminar davomida raqamli dalillarni to‘plash va tahlil qilish, hamda mazkur sohada nazoratni kuchaytirishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan joylardagi tergov organlari uchun o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlar kelgusida ham izchil ravishda davom ettiriladi.