O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti (Yanka Kupala nomidagi GrDU) o‘rtasida bakalavriat qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda. Yanka Kupala nomidagi GrDU tomonidan 6-05-0421-01 “Huquqshunoslik”, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan esa “60420100 – Yurisprudensiya” mutaxassisli o‘qitiladi.
Qo‘shma ta’lim dasturini amalga oshirish muddati 4-yilni tashkil qiladi: dastlabki 2 o‘quv yili (1-4 semestrlar) talabalar Yanka Kupala nomidagi GrDUda, so‘nggi 2 o‘quv yili (5-8 semestrlar) Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ta’lim oladilar.
Qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qitish rus tilida, to‘lov-kontrakt asosida, kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.
Qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi:
Birinchi bosqichda – kirish imtihoni og‘zaki suhbat shaklida Yanka Kupala nomidagi GrDU vakillari tomonidan o‘tkaziladi;
Ikkinchi bosqichda – O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan kelishilgan muddatlarda rus tilidan kirish imtihoni o‘tkaziladi.
Bunda:
Birinchi bosqichda imtihonlarda maksimal ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan abituriyentlar ikkinchi bosqichda ishtirok etishga haqli;
Ikkinchi bosqichda rus tilidan maksimal ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan abituriyentlar qo‘shma ta’lim dasturiga qabul qilish uchun tanlovda ishtirok etishadi va qabul parametrlariga asosan o‘qishga qabul qilinadi.
Rus tili bo‘yicha V1 darajasidagi milliy sertifikatiga ega abituriyentlar ikkinchi bosqichdagi imtihondan ozod etiladi va ularga maksimal ball beriladi.
Nomzodlar 2025-yil 3-sentyabrga qadar (shu kuni xam) Akademiyaning https://bachelor.proacademy.uz/ elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va quyidagi hujjatlarni yuklashlari lozim:
Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar professional ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat (o‘qigan fanlar bo‘yicha olgan baho (ball)lar ko‘rsatilgan holda);
pasport yoki ID-karta nusxasi;
vakolatli sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan OIV infeksiyasi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikat;
3 x 4 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat;
O‘zbek tilida tuzilgan hujjatlarga bir vaqtning o‘zida notarial tasdiqlangan rus tilidagi tarjimasi qo‘shib topshiriladi.
Zaruriyat tug‘ilganda, qo‘shimcha hujjatlar ham talab qilinishi mumkin.
Qabul bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotni quyidagi raqamlar orqali olish mumkin: 71-202-04-96 (ichki 1727; 1991).