Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Mintaqaviy muloqot” XNNTning O‘zbekistondagi filiali bilan hamkorlikda Akademiya professor-o‘qituvchilari (19-21-avgust) hamda moliyaviy va nomoliyaviy tashkilotlar komplayens xizmatlari xodimlari uchun (25-27-avgust) “Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida milliy ekspertlarni tayyorlash” mavzusida seminar-treninglar turkumi o‘tkazildi.
Seminar-treninglar jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida vakolatli davlat organlariga milliy ekspertlarni tayyorlash masalalari bo‘yicha Akademiya professor-o‘qituvchilarining ko‘nikmalarni oshirish, shuningdek moliyaviy va nomoliyaviy tashkilotlar ma’sul xodimlarining bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirlarda Akademiya professor-o‘qituvchilari, shuningdek bank, nobank kredit, to‘lov, sug‘urta, lizing, auditorlik, rieltorlik, advokatlik tashkilotlari, qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari, kripto-provayderlar hamda xususiy notariuslarning komplayens xizmati xodimlari ishtirok etdi.
Trening AQSHlik yetakchi xalqaro ekspert Devid Keyken tomonidan olib borilib, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi o‘z amaliy tajribasiga asoslangan holda, ushbu turdagi jinoyatlarning moliyaviy jihatlarini tergov qilish usullari borasida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbir ochiq va konstruktiv interaktiv shaklida o‘tkazilib, jinoyat yo‘li bilan topilgan daromadlarni legallashtirish hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida ish samaradorligini oshirish maqsadida ilg‘or xorijiy tajriba va muvaffaqiyatli amaliyotlarni joriy etishga xizmat qiladi