BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) Mintaqaviy vakolatxonasi hamda G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining Aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmog‘i (ARIN-WCA) tomonidan (tarmoq Kotibiyati vazifasini O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bajaradi), «Aktivlarni qaytarish sohasida Nigeriya tajribasi» mavzusida vebinar o‘tkazildi.
Spikerlar sifatida 2016–2023-yillarda Nigeriya Prezidentining maxsus maslahatchisi, hozirda Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti doktoranti Julet Ibekaku-Nvagvu hamda 2003–2013-yillarda Nigeriya Iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash komissiyasining ilk Bosh kotibi, hozirda Emmanuel Akomaie & Co. advokatlik firmasi rahbari Emmanuel Akomaye qatnashdilar.
Ekspertlar Nigeriyaning aktivlarni qaytarish borasidagi amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashib, xalqaro hamkorlikda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan samarali mexanizmlarni batafsil yoritib berdilar.
Vebinar O‘zbekiston, Qozog‘iston, Eron, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston vakillarini birlashtirdi. Muloqot ochiq va samarali tarzda o‘tdi: ishtirokchilar dolzarb masalalarga atroflicha javoblar hamda aniq tavsiyalar oldilar.
Mazkur vebinar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda aktivlarni qaytarish sohasida samarali xalqaro mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.