Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi № PQ–1-son «Respublika mahallalarida 2025-yilda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda 2025-yil 18-avgustdagi № PQ–253-son «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarorlari ijrosi doirasida izchil ilmiy-amaliy ishlar olib bormoqda.
Akademiya professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlaridagi «Taraqqiyot», «Mirzo Ulug‘bek» va «A.Navoiy» mahallalarida kompleks tadqiqotlar o‘tkazdi.
Tahlil jarayonida huquqbuzarliklar darajasiga ta’sir etuvchi omillar atroflicha o‘rganildi, profilaktika choralarining samaradorligi baholandi, shuningdek, aholi duch kelayotgan ijtimoiy-maishiy muammolar aniqlandi.
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, har bir hududning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Shu asosda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan manzilli "yo‘l xaritalari" tayyorlandi.
Kelgusida Akademiya hududlar bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash, profilaktika ishlarini tashkil etishning zamonaviy yondashuvlarini joriy qilish va mahallalarda xavfsizlikni ta’minlashning barqaror tizimini shakllantirishga ko‘maklashishni izchil davom ettiradi.