Yevropa mamlakatlari, YXHT va YUNISEFning Bola huquqlari bo‘yicha vakillari Akademiyaga tashrif buyurdi

Yevropa mamlakatlari, YXHT va YUNISEFning Bola huquqlari bo‘yicha vakillari Akademiyaga tashrif buyurdi


Bola huquqlari bo‘yicha Yevropa ombudsmanlar tarmog‘i (ENOC) raisi, Finlyandiya Bolalar ombudsmani Elina Pekkarinen, Norvegiya Bolalar ombudsmani o‘rinbosari Ivar Stokkerayt, Xorvatiya Bolalar ombudsmani Xelenka Pirnat Dragichevich, shuningdek, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen va UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurishdi.

Tashrif chog‘ida mehmonlar Akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi bilan tanishdilar.

Shuningdek, ular amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan innovatsion ta’lim infratuzilmasi, o‘quv jarayonida qo‘llaniladigan texnologiyalar va uslublar haqida ma’lumot oldilar.

Internet tarmog‘ida voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish sohasida Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Akademiya mutaxassislari virtual makonda bolalar pornografiyasini tarqatish holatlarini aniqlash va oldini olish bo‘yicha raqamli kriminalistikaning maxsus vositalarini namoyish etdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilib, prokuratura organlari xodimlari salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashishdi.