Akademiyada «Inqirozgacha: jamoat joylarini himoya qilish» mintaqaviy seminari boshlandi

Akademiyada «Inqirozgacha: jamoat joylarini himoya qilish» mintaqaviy seminari boshlandi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida "Inqirozgacha: jamoat joylarini himoya qilish" mavzusida mintaqaviy seminar o‘z ishini boshladi. Seminar Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi Vakilligi ko‘magida hamda Jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha EU-ACT dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu dastur Yevropa va milliy mutaxassislarning jinoyatchilik va terrorizmga qarshi sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtiradi.

2025-yil 22–26-sentyabr kunlari davom etadigan ushbu tadbirni xavfsizlik sohasida ko‘p yillik tajribaga ega Yevropa Ittifoqi ekspertlari olib bormoqda.

Seminar mintaqadagi mutaxassislar muloqoti uchun samarali maydonga aylandi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston huquqni muhofaza qilish organlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etmoqda. Shu tariqa, seminar nafaqat o‘quv, balki amaliy yo‘naltirilgan va mintaqaviy xususiyatga ega bo‘lib, muhokama etilayotgan yondashuvlar va vositalar har bir davlat sharoitidan kelib chiqib qo‘llanilishi mumkin.

Seminarning asosiy maqsadi – mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va jamoat joylarini ehtimolli terroristik tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishdir. Alohida e’tibor inqirozli vaziyatlarning oldini olish, reaksiya choralarini takomillashtirish va ilg‘or Yevropa tajribasini qo‘llash masalalariga qaratilmoqda.

Besh kunlik dastur doirasida ishtirokchilar quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘rganadilar: terroristlar uchun ehtimolli «oson nishon» bo‘lishi mumkin bo‘lgan obyektlarni aniqlash va tahlil qilish; xavfsizlik auditlari – xatarlar tahlili, kamchiliklarni aniqlash va tavsiyalar ishlab chiqish; reaksiya rejalarini ishlab chiqish va joriy etish, mas’uliyatlarni taqsimlash va idoralararo hamkorlikni ta’minlash; oldini olishga qaratilgan huquqiy choralar; terrorizmga qarshi ixtisoslashtirilgan sud organlari faoliyati; Yevropa tajribasi asosida xavf-xatarlarni boshqarishning samarali modellari.

Dasturda ma’ruzalar va taqdimotlar bilan birga amaliy mashg‘ulotlar va davra suhbatlari ham tashkil etilmoqda. Bu esa nazariy bilimlarni mustahkamlash va ularni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Mazkur tadbir mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Mintaqa mutaxassislarini yagona standartlar asosida tayyorlash va ilg‘or tajribalar bilan almashish Markaziy Osiyo davlatlari salohiyatini terroristik tahdidlarga qarshi kurashish hamda jamoat joylari xavfsizligini ta’minlashda sezilarli darajada mustahkamlaydi.

Seminar besh kun davom etadi. Tadbir yakunida mamlakatlar delegatsiyalari va YEI ekspertlari o‘rtasida fikr almashuvlar, bahs-munozaralar va kelgusi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Mintaqaviy seminar xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlash va jamoat joylarini himoya qilishning barqaror tizimini shakllantirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. U Yevropa tajribasini mintaqaviy ehtiyojlar bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratadi.