Akademiyada xalqaro ekspertlar ishtirokida “Ochiq ma’lumotlar manbalariga (OSINT) asosan tahlil qilish” o‘quv kursi o‘tkazildi

Akademiyada xalqaro ekspertlar ishtirokida “Ochiq ma’lumotlar manbalariga (OSINT) asosan tahlil qilish” o‘quv kursi o‘tkazildi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvardagi “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–17-son Qarori ijrosi doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisligi joriy etildi.

Ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida xalqaro ekspert va mutaxassislar jalb qilib kelinmoqda.

Xususan, Akademiya “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisligi tinglovchilari uchun Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi ko‘magida Britaniyaning “Axborot barqarorligi markazi” (Center for Information Resilience – CIR) ekspertlari ishtirokida «Ochiq ma’lumotlar manbalariga (OSINT) asosan tahlil qilish» mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi.

Kurs davomida tinglovchilarga OSINT texnologiyalaridan samarali foydalanish, jumladan geo- va xronolokatsiya usullari hamda sun’iy intellekt imkoniyatlarini tahlil jarayonlarida qo‘llash bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalar berildi. Mashg‘ulotlarni CIR ekspertlari Benjamin den Braber, Rollo Kollins va Jek Bishop olib bordilar.

Kurs yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.